ClipBox qo‘llanmasi
Foydalanuvchi qo‘llanmasi · v1.1.0

ClipBox qo‘llanmasi

ClipBox siz nusxa olgan hamma narsani eslab qoladi: matn, havola, rasm va fayllarni. Bitta tugma bilan ro‘yxatni ochasiz va keraklisini istalgan joyga qo‘yasiz. Windows’dagi Win + V ning Mac uchun varianti.

Apple Silicon (M1 va yangi) macOS 26 yoki yangi Internetsiz ishlaydi O‘zbek · Русский · English
1 · O‘rnatish

ClipBox’ni o‘rnatish

Ilova Apple App Store’dan emas, shuning uchun birinchi ochishda macOS bir marta ruxsat so‘raydi. Bu 2 daqiqa vaqt oladi.

  1. DMG faylini oching

    ClipBox-1.1.0.dmg faylini ikki marta bosing. Ochilgan oynada ClipBox ikonkasini Applications papkasiga sudrang.

  2. Ilovani oching

    Launchpad yoki Applications papkasidan ClipBox’ni oching. “Apple cannot verify…” degan oyna chiqsa, Done tugmasini bosing.

  3. Ochishga ruxsat bering

    System Settings → Privacy & Security ga kiring, pastga tushing va ClipBox yonidagi Open Anyway tugmasini bosing. Parolingizni so‘rasa, kiriting.

  4. Avtomatik qo‘yishga ruxsat bering

    ClipBox ochilgach tanishtiruv oynasi chiqadi. Grant Access ni bosing va ochilgan ro‘yxatda ClipBox yonidagi tugmachani yoqing. macOS 27 da bu bo‘lim Device Control and Data Access deb ataladi.

  5. Bufer ruxsati

    macOS “ClipBox clipboard’ni o‘qimoqchi” deb so‘rasa, Always Allow ni tanlang. Busiz ClipBox nusxalaringizni ko‘ra olmaydi.

PasteNow, Paste yoki Maccy bormi?

Ular ham ⇧⌘V ni ishlatadi. ClipBox’dan foydalanishdan oldin ularni yoping yoki ClipBox sozlamalarida boshqa tugma tanlang.

2 · Birinchi qadam

Bitta tugma bilan ishlaydi

⇧+⌘+V
  1. Odatdagidek nusxa oling: ⌘C. ClipBox uni avtomatik saqlab qo‘yadi.

  2. Matn yozmoqchi bo‘lgan joyingizga bosing: Telegram, Notes, brauzer va boshqalar.

  3. ⇧⌘V bosing. Sichqoncha yonida ClipBox oynasi ochiladi.

  4. Keraklisiga ikki marta bosing yoki ↑↓ bilan tanlab Enter bosing. U darhol joyiga qo‘yiladi.

3 · Oyna tuzilishi

ClipBox oynasi

  • 1

    Qidiruv. Oyna ochilishi bilan yozishni boshlang. Rasmlar ichidagi matn bo‘yicha ham qidiradi. ⚙ sozlamalarni ochadi.

  • 2

    Filtrlar. Hammasi, 📌 Qadalganlar, Bugun, Matn, Rasm, Havola, Fayl. Tab bilan almashtiriladi.

  • 3

    Element. Chapda qaysi ilovadan nusxa olingani, o‘ngda vaqti. Tanlangani ko‘k rangda.

  • 4

    Pastki qator. Elementlar soni. Oynani shu yerdan yoki bo‘sh joylardan ushlab surish mumkin.

4 · Tugmalar

Barcha tugmalar

Oyna ochiq turganda ishlaydi.

TugmaNima qiladi
⇧⌘VOynani ochadi yoki yopadi
↑ ↓Elementlar bo‘ylab yurish
Enter yoki 2× bosishTanlanganni qo‘yish
⌥EnterFormatsiz, oddiy matn sifatida qo‘yish
⌘1…91–9-elementni darhol qo‘yish. ⌘ ni bosib tursangiz raqamlar ko‘rinadi
⌘CFaqat nusxalash, qo‘ymasdan
⇧⌘CRasm ichidagi matnni nusxalash
Space / ⌘YTo‘liq ko‘rinish. Space faqat qidiruv bo‘sh bo‘lganda ishlaydi
⌘PQadash (📌) yoki qadashni olish
⌘⌫O‘chirish
⌘OHavolani brauzerda ochish yoki faylni Finder’da ko‘rsatish
⌘ + bosishBir nechta elementni tanlash
⇧ + bosishOraliqni tanlash
TabKeyingi filtr
EscQidiruvni tozalash, keyin oynani yopish
⌘,Sozlamalar

Sichqonchaning o‘ng tugmasi bilan bosilganda ham shu amallar menyusi chiqadi.

5 · Imkoniyatlar

Qo‘shimcha imkoniyatlar

📌 Qadash

Tez-tez ishlatadigan matnlaringizni (manzil, karta raqami, shablon javoblar) qadab qo‘ying. Ular hech qachon o‘chmaydi va 📌 filtrida turadi.

Bir nechta element

⌘ bosib turib bir nechtasini tanlang: 1, 2, 3 raqamlari qo‘yilish tartibini ko‘rsatadi. Enter bosilganda matnlar har biri yangi qatordan qo‘yiladi.

Rasmdagi matn (OCR)

Skrinshot va rasmlardagi matnni ClipBox o‘zi o‘qiydi. Masalan, chipta skrinshotini undagi so‘z bilan qidirib topasiz. Rus, ingliz va o‘zbek lotin yozuvi yaxshi o‘qiladi.

To‘liq ko‘rinish

Uzun matn yoki rasmni oldindan ko‘rish uchun Space bosing: oyna yonida katta ko‘rinish ochiladi. ↑↓ bilan yursangiz, u ham almashadi.

6 · Sozlamalar

Sozlamalar

Menu bar’dagi (ekranning yuqori o‘ng burchagi) ClipBox ikonkasi → Settings… yoki oynadagi ⚙.

Bo‘limNimalar bor
UmumiyMac yoqilganda ishga tushirish · tezkor tugmani o‘zgartirish · oyna joylashuvi (kursor yonida, ekran markazida, oxirgi joy) · qo‘yish usuli · til · rasmdagi matnni o‘qish
TarixNechta element saqlansin (200–10 000) · necha kun saqlansin · e’tiborsiz qoldiriladigan ilovalar · tarixni tozalash (qadalganlar qoladi)
RuxsatlarAvtomatik qo‘yish va bufer ruxsati holati
Dastur haqidaVersiya va muallif
Maxfiylik

ClipBox internetga ulanmaydi. Hamma ma’lumot faqat sizning Mac’ingizda saqlanadi. 1Password, Bitwarden, Passwords kabi parol menejerlaridan nusxa olingan parollar tarixga yozilmaydi.

Menu bar menyusidagi Pause capturing nusxalarni vaqtincha yozmay turadi. Maxfiy narsa bilan ishlayotganingizda qulay.

7 · Muammolar

Ko‘p uchraydigan muammolar

Element tanlanadi, lekin joyiga qo‘yilmaydi

Oyna pastida sariq “Enable auto-paste” tugmasi turgan bo‘lsa, avtomatik qo‘yishga ruxsat berilmagan. Tugmani bosing va ro‘yxatda ClipBox’ni yoqing.

Ro‘yxatda ClipBox yoqilgan bo‘lsa-yu, baribir ishlamasa: uni ro‘yxatda tanlab pastdagi − tugmasi bilan o‘chiring, keyin ClipBox’dagi sariq tugmani qayta bosib yangidan yoqing. Bu odatda ilova yangilangandan keyin kerak bo‘ladi.

⇧⌘V bosilganda hech narsa ochilmaydi

Shu tugmani boshqa ilova ishlatayotgan bo‘lishi mumkin. ClipBox buni sezsa, menu bar menyusida qizil ogohlantirish chiqaradi. O‘sha ilovani yoping yoki Sozlamalar → Umumiy → Tezkor tugmada boshqasini tanlang, masalan ⌥⌘V.

Yuqori o‘ng burchakda ClipBox ikonkasi borligini ham tekshiring. Yo‘q bo‘lsa, ilovani Applications’dan qayta oching.

Nusxalar ro‘yxatga tushmayapti

Menu bar menyusida Pause capturing belgilanmaganini tekshiring. Keyin System Settings → Privacy & Security → Paste bo‘limida ClipBox uchun Allow tanlanganiga ishonch hosil qiling.

Nusxa olgan ilova Tarix → e’tiborsiz ilovalar ro‘yxatida bo‘lishi ham mumkin.

“ClipBox is damaged” yoki ochilmaydi

System Settings → Privacy & Security ga kirib, Open Anyway ni bosing. Bu tugma ilovani ochishga uringaningizdan keyin taxminan 1 soat davomida ko‘rinadi.

Mac’ingiz Intel protsessorli yoki macOS 26 dan eski bo‘lsa, ClipBox ishlamaydi.

8 · O‘chirish

ClipBox’ni o‘chirish

  1. Menu bar’dagi ClipBox ikonkasi → Quit ClipBox.

  2. Applications papkasidan ClipBox’ni Trash’ga tashlang.

  3. Tarixni ham o‘chirmoqchi bo‘lsangiz, Finder’da ⇧⌘G bosing, ~/Library/Application Support/ClipBox manzilini kiriting va papkani o‘chiring.

Made on
Tilda